18-may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan esdalik tadbiri bo‘lib o‘tdi
2025 й. 16 май
Xalqaro muzeylar kuni arafasida, Fayzulla Xo‘jayev uy-muzeyida tadbir tashkil etildi. Buxoro davlat muzey qo'riqxonasi va kasaba uyushmasi qo‘mitasi hamkorligida uyushtirilgan ushbu tadbirda Buxoro viloyatining muzeylarida ko‘p yillar davomida halol va fidokorona mehnat qilgan faxriylar hamda bugungi kunda ushbu ziyoratgohdek muqaddas dargohlarda faoliyat yuritayotgan zamonaviy avlod vakillari ishtirok etdi.
“Eslab, eslab...” deb nomlangan ushbu televizion ko‘rsatuv shaklidagi esdalik tadbirida faxriylar o‘z faoliyatlari davomida boshdan kechirgan unutilmas lahzalar, tarixiy eksponatlar bilan bog‘liq qiziqarli voqealar, muzeylarning o‘zgarish va rivojlanish jarayonlari haqida samimiy hikoyalar bilan o‘rtoqlashishdi. Tadbir ishtirokchilari orasida yoshlarga namuna bo‘larli so‘zlar, ruhlantiruvchi maslahatlar ham yangradi.
Tadbir davomida faxriy muzeychilarga esdalik sovg‘alari topshirildi, ularning xizmatlari alohida e’tirof etildi. Bugungi kunda muzeylarda faoliyat yuritayotgan yosh xodimlar esa faxriylar tajribasidan ilhomlanib, ularning izidan borishga va’da berishdi.
Bunday samimiy va iliq uchrashuvlar avlodlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni mustahkamlash, tarixiy xotirani asrash, muzeylar faoliyatiga bo‘lgan e’tiborni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muzey – bu o‘tmish xotirasi, bugunning g‘ururi va kelajak avlod uchun bebaho maktabdir!
